Dasturlashni o‘rganish har doim ham “boshlayman” degan qaror bilan boshlanmaydi. Ko‘pincha bu safar biror muammoni hal qilish zaruratidan boshlanadi. Shaxsan o‘zim dasturlashga aynan shu yo‘l bilan kirib kelganman.
Hayotimizda kichik-kichik muammolar ko‘p uchraydi – vaqtni boshqarish, ishlarni avtomatlashtirish, qayta-qayta bajariladigan vazifalarni soddalashtirish va hokazo. Shunday paytda odamda savol tug‘iladi: “Buni qanday qilib avtomatlasam bo‘ladi?” Yechim ko‘pincha dasturlashda bo‘ladi.
Real muammo – real o‘rganish
Biror muammo yuzaga chiqqanda, sen uni hal qilish uchun majburan yangi narsalarni o‘rganishga kirishasan. Qidirasan, o‘qiysan, tushunishga harakat qilasan. Bu jarayon zo‘r, chunki u tabiiy va amaliy. O‘rganayotgan narsang darhol foyda beradi – shu paytdanoq.
Men shunchaki dars uchun emas, balki kerak bo‘lgani uchun o‘rgangan bilimlarimni eng yaxshi eslab qolganman. Chunki bu bilimlar real hayotga bevosita bog‘liq bo‘lgan.
O‘rganishga majburlovchi eng yaxshi motivator – muammo
Kitoblardan yoki kurslardan boshlash mumkin. Lekin ko‘p hollarda bu bilimlar tezda unutiladi. Nega? Chunki ular kontekstdan yiroq. Foydasi bilinmaydi.
Ammo muammo bo‘lsa, vaziyat boshqacha. O‘rganayotgan har bir narsang foyda keltiradi. Har bir Google qidiruvi, Stack Overflow’dagi javob yoki dokumentatsiyadagi bir parcha – darhol kerak bo‘ladi. Bu – “kerakli o‘rganish”, ya’ni amaliy bilim.
Dasturlash o‘rgatadi – faqat kod yozishni emas
Dasturlash bizga kod yozishdan tashqari yana bir muhim narsani o‘rgatadi: fikrlashni. Ya’ni qanday qilib muammoni kichik qismlarga bo‘lib hal qilishni, sabrli bo‘lishni va eng asosiysi, o‘rganishni o‘rganishni.
Muammo orqali dasturlashni o‘rganish shunchaki bilim olish emas, bu fikrlash tarzini o‘zgartirishdir. Bu sizga faqat IT sohasida emas, hayotning ko‘p jabhalarida yordam beradi.
Kod – bu fikrni muammoga aylantirib, uni hal qilish tili
Dasturlash bu — shunchaki kompyuterga buyruq berish emas. Bu – qanday fikrlayotganingni, qanday murakkablikni qanday oddiylikka aylantira olishingni ko‘rsatuvchi vosita.
Ko‘p odamlar “menga kodlash qiyin”, “menga bu narsa mos emas” deyishadi. Ammo ular hali biror real muammoga duch kelmagan bo‘lishi mumkin. Chunki dasturlashni o‘rganishga eng yaxshi sabab — kerak bo‘lishidir.
Xulosa o‘rnida: yechim izlagan kodchi bo‘ladi
Shunchaki dasturlovchi emas, yechim topuvchi bo‘ling. Kod yozish o‘rganiladi. Muhimi — kod yozishga majbur qiladigan sabab topilsin.
Agar sizni qiynayotgan biror oddiy muammo bo‘lsa, demak bu — boshlanish uchun eng yaxshi vaqtdir.
Kod — bu kuch. Muammo esa kalit.