Skip to content

O‘zimga bergan eng muhim savol: “Nega buni qilayapman?”

Chop etilgan: at 07:59 PM

Har kuni klaviaturaga qo‘l tekkizishdan oldin, ekran qarshisida bir zum jim turaman. Kursor chaqchayib turadi, VS Code ochiq, muhit tayyor. Ammo men o‘zimdan bir savolni yana bir bor so‘rayman:

“Nega buni qilayapman?”

Bu savol faqatgina bugungi vazifa yoki navbatdagi commit haqida emas. Bu — yo‘l haqida. Tanlagan kasbim, o‘z ustimda ishlashim, har bir yozgan qator kodim, ishdan keyingi o‘rganishlarim, bugungi kechqurun o‘qilgan dokumentatsiya… bularning hammasi — nima uchun?

O‘zimga bergan birinchi javob: “Chunki dasturlash yoqadi”

Avvaliga oddiy edi. Kod yozish menga yoqardi. Biror narsani noldan qurish, uni brauzerda ko‘rish — bu sehrga o‘xshardi. Har safar yangi bir muammoni hal qilganimda ichimda kichik bayram bo‘lardi. Shuning uchun qildim.

Ammo vaqt o‘tib, kodlar murakkablashdi, talablar ko‘paydi. “Yoqadi” degan javob yetarli bo‘lmay qoldi.

Keyin o‘zgarish bo‘ldi: “Chunki o‘rganishni to‘xtatsam, o‘zligimni yo‘qotaman”

Dasturchilik — bu faqat kod emas. Bu doimiy o‘sish, har kuni o‘zini inkor qilish va yaxshiroq bo‘lishga urinish. Bu kasbda doim o‘rganmasang — orqada qolasan. O‘zimni doim yangi narsa o‘rganayotganimda o’zimga ishonch yanada ortgandek his qilaman.

Va shuning uchun kod yozaman. Chunki har bir yozgan satrim — o‘z ustimda ishlayotganimning isboti.

Yana chuqurroq sababi: “Chunki biror muammoni hal qilayotganimni bilaman”

Bir dasturni ishlab chiqqaningda, foydalanuvchi undan foyda ko‘rsa — bu hissiyot hech bir “like” yoki “comment” bilan solishtirib bo‘lmaydi. Masalan, bir foydalanuvchi mening botim orqali namoz vaqtlarini o‘z vaqtida bilsa — bu real muammo yechimidir.

Shunchaki kod emas — bu xizmat. Men muammolarni hal qilaman.

Nihoyat, eng chuqur sabab: “Chunki bu mening yo‘lim”

Bu kasb — tanlovim. O‘zimni izlagan paytlarimda shu yo‘lni tanlaganman. Hozir u qiyin bo‘lishi mumkin, bazan charchatadi, bazan xatolar ichida adashaman. Ammo bu yo‘l menga mos. Bu orqali men o‘zimni ko‘rsataman, foydali bo‘laman, biror iz qoldiraman.

Xulosa

“Nega buni qilayapman?” degan savol meni to‘xtatmaydi — u meni chuqurroq o‘ylashga majbur qiladi. U mening harakatimga ma’no beradi. Har safar motivatsiya pasaysa, murakkab vazifa charchatsa, shu savolni yana beraman.

Va har safar o‘zimga bitta sodda, ammo kuchli javob qaytaraman:

“Chunki bu mening yo‘lim.”


Oldingi maqola
Code refactoring nima va nima uchun kerak?
Keyingi maqola
How to choose the right online course