“Ish uchun tajriba kerak, tajriba uchun esa ish kerak?” Har bir yangi dasturchi, dizayner yoki IT mutaxassisi bu g‘alati paradoksga duch kelgan. Siz o‘rgangansiz, siz tayyorsiz, lekin rezumeingizda “tajriba” degan bo‘lim bo‘sh. Ish beruvchi esa aynan shu bo‘lim bo‘yicha qaror qiladi. Bu blog postda aynan shu muammo qayerdan kelib chiqadi, nima uchun mavjud, va undan qanday chiqish mumkinligi haqida fikr yuritamiz.
Kirish
Hozirgi kunda IT sohasiga kirib kelishdagi eng katta to‘siq bu – tajriba yo‘qligi hisoblanadi. Har bir ish e’loni tajriba talab qiladi. Ammo endi IT sohasiga kirib kelayotganlar hali hech qayerda ishlamagan. Bu holda qanday qilib o‘sha “kerakli tajriba”ni orttirish mumkin? Bu holat ko‘pchilik yangi boshlovchilarni ruhdan tushiradi. Ammo aslida bu paradoksdan chiqish yo‘llari bor. Bu blogda aynan shuni asoslab, tushuntirib bermoqchiman.
Ishga kirish uchun tajriba nima uchun kerak?
Birinchi navbatda quyidagilarni tushunish muhim:
- Ish beruvchi uchun tajriba bu – xavfni kamaytirish vositasi.
- Tajriba – bu sizning real muammolarni hal qilishda va jamoa bilan ishlashda o‘zini ko‘rsatgan qobiliyatingizni bildiradi.
- Kod yozishni bilish – bir narsa. Uni muddatga yetkazish, testlash, xatolarni tuzatish, jamoa bilan ishlash – boshqa narsa.
Ya’ni, ish beruvchilar “siz bu ishni uddalay olasizmi?” degan savolga javob qidirmoqda. Tajriba bu savolga ishonchli javob bo‘ladi.
Ammo sizda hali ish tajribasi yo‘q. Endi nima qilamiz?
Mana shu yerda ko‘pchilik noto‘g‘ri yo‘l tanlaydi – kutadi. “Biror ishchi topilsa, kirib olaman”, deb. Lekin bu yondashuv ishlamaydi. Siz tajriba yaratishingiz kerak, kutmasdan.
Quyida tajriba orttirishning muqobil yo‘llari:
a) Shaxsiy loyihalar – eng birinchi qadam
Shunchaki “ToDo App” emas, balki:
- Real muammo yechimini taklif qiladigan loyiha.
- Foydalanuvchisi, API’si, admin paneli bo‘lgan to‘liq tizim.
- GitHub’da toza commitlar,
README.md
, deploy qilingan demo versiya.
Misol: “Online test yaratish platformasi” – foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tadi, testlar yaratadi, natijalar saqlanadi. Backend + frontend + deploy – hammasi o‘zingiz tomonidan qilingan.
b) Freelance yoki volontyorlik asosida ishlash
- Yaqin atrofdagi o‘quv markazlar, maktablar, do‘stlaringiz uchun bepul loyiha qilishingiz mumkin.
- Masalan, mahalliy sport zali uchun Telegram bot, yoki restoran uchun online buyurtma tizimi.
- Bu ish emasdek tuyulishi mumkin, lekin bu ham real mijozlar, real muammolar degani. Va bu – tajriba.
c) Open Source loyihalarga hissa qo‘shish
- GitHub’da “Good first issue” deb belgilangan masalalar mavjud.
- Bu sizga professional loyihalarda qanday jarayonlar ketishini tushunishga yordam beradi.
- Pull request, issue yaratish, kod review – bularning hammasi sizni ish jarayoniga tayyorlaydi.
Ish bermasdan oldin ish qilish: nega bu sizga foydali?
Ha, sizga hali pul to‘lashmayotgandir. Ammo siz quyidagilarni orttiryapsiz:
- Portfolio – so‘z bilan emas, amaliyot bilan o‘z ishingizni ko‘rsatasiz.
- Ish odati – deadline, muammolarni hal qilish, mustaqil qaror qabul qilish.
- Networking – volontyorlik orqali tanishlar orttirasiz, ular keyinchalik sizga haqiqiy ish topib berishi mumkin.
Yolg’on tajriba yozish kerakmi?
Ko‘pchilik shunday qiladi: CV’siga “3 yillik tajriba” deb yozadi, aslida esa shaxsiy loyihadan nari o‘tolmagan. Bu – xavfli yo‘l. Ishga kirgach, darrov bilinadi. Bu nafaqat obro‘yingizga, balki kelajakdagi imkoniyatlarga ham zarar yetkazadi.
Yaxshisi: rostini yozing, lekin shunday portfolio bilan yozingki, ish beruvchi hayratda qolsin.
Haqiqiy tajriba qanday boshlanadi?
- Siz portfelingizni to‘ldirasiz.
- LinkedIn, Telegram’dagi dev guruhlarida faol bo‘lasiz.
- “Junior, bepul ishlashga tayyorman, faqat tajriba orttirish uchun” deb ochiqchasiga yozasiz.
- Shunchaki “React bilaman” deb emas, balki “Mana GitHub link, mana deploy link, mana video demo” deb chiqasiz.
Shunda ish beruvchilar sizni o‘zlari topa boshlaydi.
Xulosa
Ish uchun tajriba kerak, tajriba uchun ish kerak degan gap aslida bir to‘siq emas – bu sizni kreativ bo‘lishga majbur qiluvchi haqiqat. Tajriba sizga hech kim tomonidan berilmaydi – siz uni yaratishingiz kerak.
Bugun o‘zingiz uchun kichik loyiha boshlang. Ertaga bu sizning karerangizni boshlashi mumkin. Agar siz ham hozir ITga kirib kelmoqchi bo‘layotgan bo‘lsangiz – ish kutmang, tajriba yarating.